Institutimizda Germaniyaning IAMO ITI bilan hamkorlikda 2018 yil 30 oktyabr - 2 noyabr kunlari xalqaro konferensiya bo'lib o'tadi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Germaniyaning IAMO (O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish) ITI bilan hamkorlikda 2018 yil 30 oktyabr - 2 noyabr kunlari o‘tadigan xalqaro konferensiya to‘g‘risida
X a b a r n o m a
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-2909-sonli qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ta’limni isloh qilish, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviylikni hamda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Germaniyaning IAMO (O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish) ITI bilan hamkorlikda 2018 yil 30 oktyabr - 2 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 martdagi 178-f-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2018 yilda o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy va ilmiy-texnikaviy anjumanlar rejasi”ga asosan “Ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishida ijtimoiy – iqtisodiy fanlarning roli” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Konferensiyaga qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va unga yondosh sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan respublika va xorijiy tadqiqotchilar o‘z maqola va ma’ruzalari bilan ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Konferensiya tashkilotchilari: O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirliklari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Germaniyaning IAMO (O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish) ITI
Konferensiyaning maqsadi – qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligida islohatlarning borishi, yer - suvdan foydalanish masalalari, iqlim o‘zgarishlarining qishloq mahsulotlari ishlab chiqarishiga ta’siri, qishloq hududlarda mehnat resurslari va ularning migratsiyasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosida eksport salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha tadqiqot natijalari muhokamasi hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hisoblanadi.
Konferensiyaning ilmiy yo‘nalishlari:
- Qishloq xo‘jaligida islohatlar
-Qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish
- Oliy ta’limdan keyingi ta’limni rivojlantirish va ilmiy – tadqiqot ishlarining sifati
- Iqlim o‘zgarishlarining ta’siri va qishloq xo‘jaligining barqarorligi
- Yerdan foydalanish va yer bozori
- Suv resurslarini boshqarish
- Fermer xo‘jaliklari restruktrizatsiyasi va mehnat munosabatlari
-Qishloq hududlarida kooperatsiya va jamoaviy munosabatlar
- Qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirining rivojlanishi
Konferensiyaning ishchi tili: Ingliz
Konferensiyada ishtirok etishni hohlovchi tadqiqotchilardan ingliz tilida xalqaro talablar doirasida tayyorlangan 150 ta so‘zgacha bo‘lgan maqola rezyumesi, materiallar va metodologiyalar, asosiy natijalar, xulosalar va foydalanilgan adabiyotlardan iborat 1000 so‘zgacha bo‘lgan kengaytirilgan maqola tezisini agriknowledge2018@gmail.com elektron manziliga 2018 yil 10 sentyabrgacha yuborishlari so‘raladi. Barcha topshirilgan tezislar yopiq taqrizdan (peer review) o‘tkaziladi. Ilmiy ishlarini boshlash arafasida turgan yosh tadqiqotchilar (magistrantlar va tayanch doktorantlar) uchun imtiyozlar beriladi. Ilmiy maqolalarni tayyorlash xalqaro talablar asosida amalga oshiriladi.
Konferensiya materiallarini tayyorlashga talablar:
Maqolalar uchun materiallar 3-5 bet hajmda, 1 intervalda, A4 formatli qog‘ozda, hamma tomonidan 2 sm joy qoldirilib, kompyuterning Microsoft Word muharririning Times New Roman 12 o‘lchamli shriftida tayyorlanishi va hamma betlar to‘la bo‘lishi lozim. Ma’ruza materiallarining yuqori qismida mavzu bosh harflarda yoziladi, bir intervaldan keyin muallif(lar)ning familiyasi-ismi-sharifi (ismi-sharifi qisqartirilgan holda, mualliflar soni 3 tadan oshmasligi lozim), ish joyi kichik harflarda to‘liq ko‘rsatiladi va yana bir intervaldan so‘ng Tab yordamida abzas qo‘yilib, sarlavha - annotatsiya yoziladi. Bir intervaldan keyin maqolaning qisqacha mazmuni 150 tagacha so‘z hajmda kursiv harflarda keltiriladi. Annotatsiyadan keyin bir interval qoldirilib kalit so‘zlar beriladi (3-6 so‘z). Kalit so‘zlardan keyin asosiy tekst beriladi. Asosiy tekst quyidagi qismlardan iborat bo‘ladi: Kirish (Introduction), Materiallar va metodlar (Materials and Methods), Natijalar va ularning tahlili (Results and Discussion), Xulosalar (Conclusions), Foydalanilgan adabiyotlar (References). Har bir qism nomi tekstdan bir interval ajratiladi va qalin (polujirnыy) shriftda yoziladi.
Kirish qismida muammoning dolzarbligi, hozirgi kundagi holati, bajarilgan ishlar tahlili beriladi va ishning maqsadi ifodalanadi.
Materiallar va metodlar qismida tadqiqotlar o‘tkazilish usullari, qo‘llanilgan materiallar, tajribalar ketma-ketligi, o‘tkazilish joyi va sharoiti haqida ma’lumot beriladi.
Natijalar va ularning tahlili qismida muallif(lar) tomonidan olingan natijalar va ularning tahlili beriladi.
Konferensiyada qatnashgan hamda tegishli sho‘balarda ma’ruza qilgan mualliflarning ma’ruza materiallari institut saytiga qo‘yiladi va konferensiya to‘plamida chop etiladi. Shuningdek, konferensiyada qatnashgan hamda tegishli sho‘balarda ma’ruza qilgan mualliflarning maqolalari “Central Asian Journal of Water research” jurnalining maxsus sonida chop etiladi. Espertizadan o‘tmagan, ko‘rsatilgan muddatda taqdim etilmagan materiallar mualliflarga qaytarilmaydi.
Mualliflarga teziclari saralashdan o‘tganligi xaqida xabar 2018 yil 20 sentyabrga qadar yetkaziladi.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun manzil: Toshkent shahri, Qori-Niyoziy ko‘chasi 39, bosh bino, 2-qavat, XXX-xona, XXX bo‘limi, Tel./Faks: (+99871) 2371936, yoki TIQXMMI veb sahifasi www.tiiame.uz